Jovdiragan ko`zlar qarshilar bunda,
Mehrga zor yuzlar qarshilar bunda.
Hamma yog`i to`kis, taqdiri kemtik,
"Onam" degan so`zlar qarshilar bunda...
-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol.
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol
-Onang bo`lgim kelar shu dam bolajon,
Darding olgim kelar shu dam bolajon.
Onang qaylardadir bevijdon kezar,
Onang qaylardadir sargardon kezar,
Niyati otangdan o`ch olmoq bolam
Otang omonat baxt-ishratda suzar
Otang borligingni unutgan butkul
Bir sayoq go`zalning og`ushida qul.
Tilga olging kelmas nomini hatto
Sen-uning xatosi,
Tuzalmas xato...
Onang yengil hayot ko`chasida xor.
Kunlari bemazmun, tunlari beor...
Sen uni kutishdan tolmaysan bolam.
Zor bo`ladi bir kun, izlaringga zor...
Kechir, yangiladim yarangni qo`zim,
Kechir, boshqa kutma onangni qo`zim
Onang bo'lgim kelar yig`lama go`dak,
Darding olgim kelar, yig`lama go`dak.
Sen vatanga suyan, tashlamas vatan,
Boshing silar, ko`zing yoshlamas vatan
Toleing oq bo`lsin vataning omon
Suyan, vatan bo`lgay dardingga darmon.
Bir kun ulg`ayasan niholdek o'sib
Mehr tilar onang yo`lingni to`sib,
Sen o`ch ololmaysan, kechirasan jim
Sen o`ch ololmaysan, tilayman to`zim...
Bolam, tug`ilganing tuproq qo`llasin,
Atrofingda do`st-u o`rtoq qo`llasin.
Omon bo`lsin issiq bag`ri vatanning,
Shu vatanga mehring ko`proq qo'llasin.
Yozsam she`r, dostonim kamdir bolajon
Bersam aziz jonim kamdir bolajon.
-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol
Bibisora Turob qizi
Комментариев нет:
Отправить комментарий