воскресенье, 29 января 2017 г.

Otabek akam xotirasiga...

Bu tun tong otishi qiyin
Hayolda turli o'ylar,
Eshitgan hodisasini
Miyam turlicha o'ylar

Hazm qilolmadi hali
Ongim bu shum habarni
Nahot shu gap rost bo'lsa
Yolg'onmi yoki bari?

Tanbeh bermasmisiz endi
Oldingizga borganda,
Koyirdingiz doim meni
Nomaqbul ish qilganda

Endi sizni ko'rmoq mumkin
Uydagi suratlarda
Namoyon bo'lasiz endi
Ongda, o'y, siyratlarda

Janozangizda qatnashish
Nasib qilmabdi hatto
Meni kechiring aka
Qilgan bo'lsam gar xato

O'zingizning taqdiringiz
Bolangizga qoldirib,
Ketmoqdasiz chin dunyoga
Bizni g'amda qoldirib

So'zlaringiz sog'insam
Borarman oldingizga
Indamaslar olamiga...
Ketgan chin joyingizga

Nasib qilsa Jannatda
Ko'rishurmiz siz bilan
U yerda bizni kuting
Chehrada kulgu ila

Zero Haqning chin bandasi
Bo'lsa sizdek bo'ladi
Sizdek Juma namozida
Sajda qilib o'ladi...

Joyingiz Jannatda bo'lsin!

Ukangiz Xurshidbekdan

вторник, 10 января 2017 г.

Bolalar uyi...

Jovdiragan ko`zlar qarshilar bunda,
Mehrga zor yuzlar qarshilar bunda.
Hamma yog`i to`kis, taqdiri kemtik,
"Onam" degan so`zlar qarshilar bunda...

-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol.
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol
-Onang bo`lgim kelar shu dam bolajon,
Darding olgim kelar shu dam bolajon.

Onang qaylardadir bevijdon kezar,
Onang qaylardadir sargardon kezar,
Niyati otangdan o`ch olmoq bolam
Otang omonat baxt-ishratda suzar

Otang borligingni unutgan butkul
Bir sayoq go`zalning og`ushida qul.
Tilga olging kelmas nomini hatto
Sen-uning xatosi,
Tuzalmas xato...

Onang yengil hayot ko`chasida xor.
Kunlari bemazmun, tunlari beor...
Sen uni kutishdan tolmaysan bolam.
Zor bo`ladi bir kun, izlaringga zor...

Kechir, yangiladim yarangni qo`zim,
Kechir, boshqa kutma onangni qo`zim
Onang bo'lgim kelar  yig`lama go`dak,
Darding olgim kelar, yig`lama go`dak.

Sen vatanga suyan, tashlamas vatan,
Boshing silar, ko`zing yoshlamas vatan
Toleing oq bo`lsin vataning omon
Suyan, vatan bo`lgay dardingga darmon.

Bir kun ulg`ayasan niholdek o'sib
Mehr tilar onang yo`lingni to`sib,
Sen o`ch ololmaysan, kechirasan jim
Sen o`ch ololmaysan, tilayman to`zim...

Bolam, tug`ilganing tuproq qo`llasin,
Atrofingda do`st-u o`rtoq qo`llasin.
Omon bo`lsin issiq bag`ri vatanning,
Shu vatanga mehring ko`proq qo'llasin.

Yozsam she`r, dostonim kamdir bolajon
Bersam aziz jonim kamdir bolajon.
-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol

Bibisora Turob qizi

воскресенье, 23 октября 2016 г.

DO'STIM VOLIDASIN QABRIN ZIYORAT QILDIM...

Do'stlar, bu dunyoda ko'plab hodisot ko'rdim
Goh yiqildim, goh turdim, yig'ladim, kuldim
Lek kecha hech narsa bilmasligimni bildim
Do'stim volidasin qabrin ziyorat qildim...

Qabristonda turarkanmiz do'stimga boqdim
Qalbiga hos sochidagi oqiga boqdim
Ma'yus tortgan nigohidan ma'noni uqdim
Do'stim volidasin qabrin ziyorat qildim...

Go'zal tarbiyat qilgan farzandlarini
Erga chiroylik qilgan xizmatlarini
O'ziga vojib aylagan Jannatlarini...
Shu ajoyib ayol qabrin ziyorat qildim...

Shu vaqt bo'g'zimga tiqildi achchiq bir o'kinch
Salimjonning ko'zlarida ko'rinar sog'inch
Qabr tepasida Onam qadrini bildim
Do'stim volidasin qabrin ziyorat qildim...

Xurshidbek Tuychibekov

четверг, 11 августа 2016 г.

Ochko'z ayollar dastidan dod!

Eskidan aksar sharq xalqlari o'zining mehmondo'stligi bilan ajralib turadi. Bundan bizning o'zbeklar ham istisno emas. Xalqimizdagi mehmondorchiliklarda ayollarimizning o'rni beqiyos. G'arb ayollari ko'rsa hayron qoladi. Bizning ayollar uchun katta stol bezatib,o'zi yeyolmaydigan,farzandlariga berolmaydigan narsalar bilan mehmon kutish-oddiy hol. Tashqaridan qaraganda judayam chiroyli manzara. Ammo ichkaridan nazar solganda...
Bir tanishim ana shu mavzuda blogpost yozishimni iltimos qildi. Zora ayrim ayollarimiz o'zlarining qilayotgan ishlarini tashqaridan kuzatib ozgina bo'lsa ham andisha qilishsa! (farosatli odam uyatdan qizargan bo'lardi)
-O'g'limizni uylantirdik,-deya gap boshladi o'sha tanishim.
-Bor pulimizni tikdik shu to'yga. To'y kuni ham keldi. Chiroyli o'tkazdik Xudoga shukur. Ertasi kuni ertalabdan tovonxonaga kirdim. Ne ko'z bilan ko'rayki,qaynagachim bilan ovsinim qo'polroq qilib aytganda tovonxonani talon-taroj qilish bilan ovora edilar. To'ydan qaytgan hamma ovqat,somsa,tort va hokazolarni bir chekkaga berkitishardi uyalmasdan. Biron narsa deyishga uyaldim. Chunki yoshim ikkovidan ham kichkina. Uyda mehmon ko'p. Ubu narsa desam katta urush chiqib ketishi mumkin edi. Ikkovining ham harakterini bilaman. Salom o'tib qaynotam biznikiga chiqdilar. Supraqoqdiga. Ularga nima deyishni bilmasdim. Chunki to'ydan qaytgan barcha narsa qaynagachimning eri va ovsinimni o'g'lining mashinasiga olib chiqib qo'yilgan edi. Qaynotamning oldiga ikkita non bilan ikkita idishda anavi ikkalasi bizga "achinganidan" qoldirgan konfetlarini qo'ydim. Qaynotam hayron. Butun boshli to'ydan shugina qoldimi degandek menga qarab turardilar. Shu payt o'g'lim chidolmasdan hozir chiqib buvasiga hamma narsa ko'chadagi ikkita mashinaga bosib qo'yilganini aytmoqchiligini aytdi. Uni zo'rg'a to'xtatdim. Adajondan uzur so'radim. "Shunday bo'lib qoldi" dedim boshimni egib. Shu yerda o'tirgan erimning opasi ham,ovsinim ham uyalgani yo'q. Pinagini ham buzishmadi. Bunchalar diydasi qotib ketgan odamlar borligini bilmasdim. Keyingi safar nabiram tug'ilgani munosabati bilan kelinimning uyiga mehmonga chaqirishdi bizni. Erimning o'sha opasi ham boshqa qarindosh ayollar qatorida biz bilan bordi. Qudalarning uyida o'tiribmiz. Oldimizga turli-turfa ovqatlar,noz-ne'matlar kirgazishdi. Qaynagachim bitta ovqatdan keyin to'yganini aytib,o'sha ovqatdan keyin kelgan somsa,manti,pishiriqlarni o'zi bilan olib kelgan kichkina qora celofan paketiga solardi. Yonida bunga hayron bo'lib qarab turgan ayolga "baribir menga keldi. Uyda yeyman" deb qo'ydi. Ohirida hammaga muzqaymoq tortishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki,o'sha ming so'mlik muzqaymoqni ham stol tagidagi paketlariga joyladilar. (Absurd!). Jiyanim muzqaymoq yemasligini aytgandi,unikini ham "pastga berkitdilar". Mehmondorchilikdan keyin o'sha paketlarini sumkalariga joylab olib ketdilar. Aprel oyi bo'lsa. Kun issiq. Muzqaymoq o'lgur erib ham ketibdi. O'zlarining aytishlaricha,uyga borib,sovutgichning morozilnikiga (uzur, tarjima qilolmadim shu so'zni) solib, qotirib yebdilar...
Ha! Yana bir voqea esimdan chiqibdi. Hali yosh akam og'ir darddan yorug' olamni tark etdi. Bizning ahvolimizni tasavvur qilavering. Janozaga ketdik. Yaxshi inson edi. Kimni yo'qotib qo'yganimizni tushunib o'ksinib yig'lardik... Bir payt telefon qo'ng'irog'i chalindi. Kuyovim ekan. Janozaga kelolmaganiga oldindan uzur so'rab xursandchiligini yashirolmadi. Qizimiz bizga nabira tug'ib beribdi aynan shu kuni! Kulishni ham,yig'lashni ham bilmay qoldik. Janoza tugaganidan keyin o'g'illarimizni uyga jo'natib yubordik. O'g'illarim uyga borishsa o'sha qaynagachim kelibdi. Hamdardlik bildirib,jiyanlik bo'lganlari bilar tabriklabdi. Bizning uyga kirib erim tarafdan qarindoshlarimizni chaqiribdi telefonda -Ukam nabirali bo'libdi,-deb. Muzlatkichimni ochib masalliqlarni olib ovqat qilib bizning uyimizda mehmon kutibdi. O'zimiz yo'qmiz uyda! Tasavvur qilgin-a! Biz buyoqda akajonimning o'limiga kuyib o'tirsak,qaynagachim uyimizda mehmon kutsa. Kechga yaqin uyga qaytdik. Hamma yoq ivirsib yotibdi. Mehmondorchilik qilishga qilibdilar-u,orqasidan yig'ishtirishga farosatlari yetmabdi qarindoshimizni. Ishqilib shunaqa gaplar ukajonim,-deb gaplarini tugatdilar tanishim.
P.S. Bu yerga faqat bir narsa qo'sha olaman. Egasidan so'ramasdan bir bo'lak nonini olish ham o'g'irlik men uchun. Shuning uchun bunday ayollarni qo'rqmasdan "O'g'ri" deb atasak bo'ladi menimcha. Bunday molsifat insonlar ham borligi insonni hayratga soladi. Tavba,tavba...

четверг, 24 сентября 2015 г.

ONAIZOR Muhammad Yusuf she'ri


Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham –
Ona yig`lar, ona yig`lar, ona u…

Sig`may qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim bo`lsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona –
Ona yig`lar, ona yig`lar, ona u…

Tonar bo`lsa qo`limdagi tor, dunyo,
Uch kun o`tmay unutgay do`st-yor, dunyo.
Yeru ko`kni titratib zor-zor, dunyo –
Ona yig`lar, ona yig`lar, ona u…

Gulday kulib yurmasmidi, o`g`lim deb,
Ko`rib ko`nglim to`lmasmidi, o`g`lim deb,
Onang o`lsa bo`lmasmidi, o`glim deb
Ona yig`lar, ona yig`lar, ona u…

Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham –
Ona yig`lar, ona yig`lar, ona u…

суббота, 8 августа 2015 г.

Hayol...

Gar so'nggi nafasim
Chiqsa bo'g'zimdan.
Yurak o'z ulfati-
Jondan tongan vaqt
Issiqlik ketganda
Yurak qo'ynimdan
Onam yig'lar tepamda,
Onajonginam...

Ikki hafta o'tmasdan
Unutar do'stim.
Akam ham farzandiga
Ketadi chalg'ib.
Hatto otam unutadi
Bir yildan keyin.
Faqat onam eslaydi,
Onajonginam...

Xurshidbek Tuychibekov

среда, 18 марта 2015 г.

Hayotiy muammolar haqida fikr

Bu mavzuda mushohada qilarkanmiz,bir o'ylab ko'ring. Ho'sh,o'sha sizni qiynayotgan narsa-muammo nima o'zi? Nega aynan sizning tinch hayotingizda paydo bo'lib tinchingizni buzdi?
Aytib o'tish kerak,siz uchun muammo bo'lgan ba'zi narsalar,yoki hodisalar kimdur uchun orzu. Masalan,sizning oyog'ingiz og'riyapti. Kimningdur oyog'i umuman yo'q. Akangiz sizga tanbeh bersa jahlingiz chiqishi mumkin. Lekin akasi olamdan o'tgan kimsalar-chi?
Hayotiy tajribamdan. Otam haligacha aytadilar: "Ota-onam urib,so'kishsayam maylidi. Lekin yonimda bo'lishsa xursand bo'lardim..."
Bedavo dardga chalingan kimsalarni ko'p uchratamiz. Ularning ko'pchiligini bir savol qiynaydi. "Nega men?". Bu kasallik ular uchun katta bir muammo. Ammo keling o'ylab ko'ramiz. Qanchadan qancha odam avtohalokatda,tabiiy ofatlar tufayli,yoki boshqa sabablarga binoan behosdan vafot etadi. Behosdan o'lishning bir yomon tarafi bor-inson tavba qilishga ulgurolmay qoladi. Bedavo dardga chalingan insonning esa o'lishini eshitganidan so'ng tavba qilishga yetarlicha vaqti bo'ladi. Demak,bunday dardga chalinishning ham qaysidir ma'noda yaxshi tarafi bor. Bizning "haqiqiy muammomiz" shundan iborat-ki,Yaratgan bergan sinovning yaxshi tarafini ko'rmaymiz ko'pincha.
Akademik litseyda o'qib yurgan kezlarim mutahassislik bo'yicha ustozim bir gapni ko'p bor takrorlardilar: "Muammoning ikki tarafi bo'ladi. Sen ikkinchi tarafini ko'ra olsang,buning aslida muammo emas ekanligini tushunasan". Men ham kichik hayotiy tajribamga asoslanib,quyidagi so'zlarni aytmoqchiman: "Muammoning ichiga chuqur kirmang. Unga tashqaridan,yuqoridan nazar soling. Unga boshqa rakursdan qarang. Uning aslida muammo emasligini tushunib yeting". Omad sizga do'stim! Muammolarga kim ekanligingizni bir ko'rsatib qo'ying! 😃

Xurshidbek Tuychibekov