воскресенье, 29 января 2017 г.

Otabek akam xotirasiga...

Bu tun tong otishi qiyin
Hayolda turli o'ylar,
Eshitgan hodisasini
Miyam turlicha o'ylar

Hazm qilolmadi hali
Ongim bu shum habarni
Nahot shu gap rost bo'lsa
Yolg'onmi yoki bari?

Tanbeh bermasmisiz endi
Oldingizga borganda,
Koyirdingiz doim meni
Nomaqbul ish qilganda

Endi sizni ko'rmoq mumkin
Uydagi suratlarda
Namoyon bo'lasiz endi
Ongda, o'y, siyratlarda

Janozangizda qatnashish
Nasib qilmabdi hatto
Meni kechiring aka
Qilgan bo'lsam gar xato

O'zingizning taqdiringiz
Bolangizga qoldirib,
Ketmoqdasiz chin dunyoga
Bizni g'amda qoldirib

So'zlaringiz sog'insam
Borarman oldingizga
Indamaslar olamiga...
Ketgan chin joyingizga

Nasib qilsa Jannatda
Ko'rishurmiz siz bilan
U yerda bizni kuting
Chehrada kulgu ila

Zero Haqning chin bandasi
Bo'lsa sizdek bo'ladi
Sizdek Juma namozida
Sajda qilib o'ladi...

Joyingiz Jannatda bo'lsin!

Ukangiz Xurshidbekdan

вторник, 10 января 2017 г.

Bolalar uyi...

Jovdiragan ko`zlar qarshilar bunda,
Mehrga zor yuzlar qarshilar bunda.
Hamma yog`i to`kis, taqdiri kemtik,
"Onam" degan so`zlar qarshilar bunda...

-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol.
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol
-Onang bo`lgim kelar shu dam bolajon,
Darding olgim kelar shu dam bolajon.

Onang qaylardadir bevijdon kezar,
Onang qaylardadir sargardon kezar,
Niyati otangdan o`ch olmoq bolam
Otang omonat baxt-ishratda suzar

Otang borligingni unutgan butkul
Bir sayoq go`zalning og`ushida qul.
Tilga olging kelmas nomini hatto
Sen-uning xatosi,
Tuzalmas xato...

Onang yengil hayot ko`chasida xor.
Kunlari bemazmun, tunlari beor...
Sen uni kutishdan tolmaysan bolam.
Zor bo`ladi bir kun, izlaringga zor...

Kechir, yangiladim yarangni qo`zim,
Kechir, boshqa kutma onangni qo`zim
Onang bo'lgim kelar  yig`lama go`dak,
Darding olgim kelar, yig`lama go`dak.

Sen vatanga suyan, tashlamas vatan,
Boshing silar, ko`zing yoshlamas vatan
Toleing oq bo`lsin vataning omon
Suyan, vatan bo`lgay dardingga darmon.

Bir kun ulg`ayasan niholdek o'sib
Mehr tilar onang yo`lingni to`sib,
Sen o`ch ololmaysan, kechirasan jim
Sen o`ch ololmaysan, tilayman to`zim...

Bolam, tug`ilganing tuproq qo`llasin,
Atrofingda do`st-u o`rtoq qo`llasin.
Omon bo`lsin issiq bag`ri vatanning,
Shu vatanga mehring ko`proq qo'llasin.

Yozsam she`r, dostonim kamdir bolajon
Bersam aziz jonim kamdir bolajon.
-Siz onam emasmi?-ko`zlarda savol
-Siz onam emasmi?-so`zlarda savol

Bibisora Turob qizi