среда, 21 мая 2014 г.

HAYOTIMDAN BIR LAVHA...

O'shanda yosh edim. Oilamizning moddiy ahvoli sal og'irlashgandi. Lekin hech qachon och qolmaganmiz. Volidam tushlikka sho'rva pishiribdilar. Oilada to'rt kishimiz. Nolish emasku,ovqat qilganda har birimizga bir bo'lakdan go'sht solardik. Bugun ham shunday. Dasturxon atrofiga o'tirdik. Ovqatlanib o'tirsak oyijonim:
-Menga ikki bo'lak go'sht tushib qolibdi. Demak kimgadir solish yoddan ko'tarilibdi. Kimga tushmabdi? - deb so'radilar. To'g'risini aytsam boyadan beri nima deyishni bilmay o'tiruvdim. Chunki go'sht tushmagan kosa meniki edi. Buni aytishga uyaldim.
-Meniki emas, - deb qo'ydim.
-Aldama, - dedilar volidam.
-Ber kosangni,solib beraman.
-Yo'q,kerakmas. Menda bor...
-Ovqatga to'rt bo'lak go'sht solgan bo'lsam. Otangda bor,akangda bor,menda esa ikkita. Demak senga tushmabdi. Ber kosangni,solib beray!
-Qo'yavering,menda bor...
-Ko'rsat kosangni unda!
Noiloj kosamni kavladim. Kavladim-u... Hushim boshimdan uchdi! Chunki besh daqiqa oldin kosamda yo'q go'sht paydo bo'lib qolgandi...
***
U kunlar ham o'tib ketdi. Hozir yashashimiz yaxshi. Akam oilamizni boqish uchun maktabni bitirib ishga kirgan. Baraka topsin,o'n olti yoshidan buyon ro'zg'orni tebratadi. Men esa maktabni bitirib,Respublikamizning eng nufuzli akademik litseylaridan biriga qabul qilindim. U yerni bitirgach,O'rta Osiyoda yagona bo'lgan Oliy O'quv Yurtiga imtiyozli ravishda kirdim. Mahalladagilar oilamizga havas qilishadi. Shukur...

Xurshidbek Tuychibekov

вторник, 13 мая 2014 г.

MENI KECHIRING...

Hozigina dorixonaga adajonga "No-Shpa" olgani chiqdim. U yerda odam gavjum. E'tiborimni tortgan kimsa devorga suyanib turgan odam edi. Yoshi 30 larda bo'lsa kerak. Oyog'ida zo'rg'a turibdi. Hamma ijirg'anib qarayapti unga. Mening ham hayolimdan "Mast shekilli" degan hayol o'tdi. Dumalab tushay deyapti. Uning navbati keldi va oyijonim yuraklari huruj qilganda ichadigan "Berlipril"ni sotib oldi! Gandiraklab chiqib ketdi. Shu joyimda tayoqdek qotib qoldim. Nahot u mastlikdan emas,balki yurak hurujidan shu ahvolda turgan bo'lsa??? Tashqariga otilib chiqdim,lekin u kishini topa olmadim. Uyga qaytarkanman o'zimdan ham,dorixonachidan ham nafratlanib ketdim...
Yo Parvardigor! O'zing Eng Mehribon,Eng Rahmli Zotsan! Shu bandangning dardiga shifo Ber! Unga O'zing yordam Ber! Iltimos... meni Kechir...