Eskidan aksar sharq xalqlari o'zining mehmondo'stligi bilan ajralib turadi. Bundan bizning o'zbeklar ham istisno emas. Xalqimizdagi mehmondorchiliklarda ayollarimizning o'rni beqiyos. G'arb ayollari ko'rsa hayron qoladi. Bizning ayollar uchun katta stol bezatib,o'zi yeyolmaydigan,farzandlariga berolmaydigan narsalar bilan mehmon kutish-oddiy hol. Tashqaridan qaraganda judayam chiroyli manzara. Ammo ichkaridan nazar solganda...
Bir tanishim ana shu mavzuda blogpost yozishimni iltimos qildi. Zora ayrim ayollarimiz o'zlarining qilayotgan ishlarini tashqaridan kuzatib ozgina bo'lsa ham andisha qilishsa! (farosatli odam uyatdan qizargan bo'lardi)
-O'g'limizni uylantirdik,-deya gap boshladi o'sha tanishim.
-Bor pulimizni tikdik shu to'yga. To'y kuni ham keldi. Chiroyli o'tkazdik Xudoga shukur. Ertasi kuni ertalabdan tovonxonaga kirdim. Ne ko'z bilan ko'rayki,qaynagachim bilan ovsinim qo'polroq qilib aytganda tovonxonani talon-taroj qilish bilan ovora edilar. To'ydan qaytgan hamma ovqat,somsa,tort va hokazolarni bir chekkaga berkitishardi uyalmasdan. Biron narsa deyishga uyaldim. Chunki yoshim ikkovidan ham kichkina. Uyda mehmon ko'p. Ubu narsa desam katta urush chiqib ketishi mumkin edi. Ikkovining ham harakterini bilaman. Salom o'tib qaynotam biznikiga chiqdilar. Supraqoqdiga. Ularga nima deyishni bilmasdim. Chunki to'ydan qaytgan barcha narsa qaynagachimning eri va ovsinimni o'g'lining mashinasiga olib chiqib qo'yilgan edi. Qaynotamning oldiga ikkita non bilan ikkita idishda anavi ikkalasi bizga "achinganidan" qoldirgan konfetlarini qo'ydim. Qaynotam hayron. Butun boshli to'ydan shugina qoldimi degandek menga qarab turardilar. Shu payt o'g'lim chidolmasdan hozir chiqib buvasiga hamma narsa ko'chadagi ikkita mashinaga bosib qo'yilganini aytmoqchiligini aytdi. Uni zo'rg'a to'xtatdim. Adajondan uzur so'radim. "Shunday bo'lib qoldi" dedim boshimni egib. Shu yerda o'tirgan erimning opasi ham,ovsinim ham uyalgani yo'q. Pinagini ham buzishmadi. Bunchalar diydasi qotib ketgan odamlar borligini bilmasdim. Keyingi safar nabiram tug'ilgani munosabati bilan kelinimning uyiga mehmonga chaqirishdi bizni. Erimning o'sha opasi ham boshqa qarindosh ayollar qatorida biz bilan bordi. Qudalarning uyida o'tiribmiz. Oldimizga turli-turfa ovqatlar,noz-ne'matlar kirgazishdi. Qaynagachim bitta ovqatdan keyin to'yganini aytib,o'sha ovqatdan keyin kelgan somsa,manti,pishiriqlarni o'zi bilan olib kelgan kichkina qora celofan paketiga solardi. Yonida bunga hayron bo'lib qarab turgan ayolga "baribir menga keldi. Uyda yeyman" deb qo'ydi. Ohirida hammaga muzqaymoq tortishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki,o'sha ming so'mlik muzqaymoqni ham stol tagidagi paketlariga joyladilar. (Absurd!). Jiyanim muzqaymoq yemasligini aytgandi,unikini ham "pastga berkitdilar". Mehmondorchilikdan keyin o'sha paketlarini sumkalariga joylab olib ketdilar. Aprel oyi bo'lsa. Kun issiq. Muzqaymoq o'lgur erib ham ketibdi. O'zlarining aytishlaricha,uyga borib,sovutgichning morozilnikiga (uzur, tarjima qilolmadim shu so'zni) solib, qotirib yebdilar...
Ha! Yana bir voqea esimdan chiqibdi. Hali yosh akam og'ir darddan yorug' olamni tark etdi. Bizning ahvolimizni tasavvur qilavering. Janozaga ketdik. Yaxshi inson edi. Kimni yo'qotib qo'yganimizni tushunib o'ksinib yig'lardik... Bir payt telefon qo'ng'irog'i chalindi. Kuyovim ekan. Janozaga kelolmaganiga oldindan uzur so'rab xursandchiligini yashirolmadi. Qizimiz bizga nabira tug'ib beribdi aynan shu kuni! Kulishni ham,yig'lashni ham bilmay qoldik. Janoza tugaganidan keyin o'g'illarimizni uyga jo'natib yubordik. O'g'illarim uyga borishsa o'sha qaynagachim kelibdi. Hamdardlik bildirib,jiyanlik bo'lganlari bilar tabriklabdi. Bizning uyga kirib erim tarafdan qarindoshlarimizni chaqiribdi telefonda -Ukam nabirali bo'libdi,-deb. Muzlatkichimni ochib masalliqlarni olib ovqat qilib bizning uyimizda mehmon kutibdi. O'zimiz yo'qmiz uyda! Tasavvur qilgin-a! Biz buyoqda akajonimning o'limiga kuyib o'tirsak,qaynagachim uyimizda mehmon kutsa. Kechga yaqin uyga qaytdik. Hamma yoq ivirsib yotibdi. Mehmondorchilik qilishga qilibdilar-u,orqasidan yig'ishtirishga farosatlari yetmabdi qarindoshimizni. Ishqilib shunaqa gaplar ukajonim,-deb gaplarini tugatdilar tanishim.
P.S. Bu yerga faqat bir narsa qo'sha olaman. Egasidan so'ramasdan bir bo'lak nonini olish ham o'g'irlik men uchun. Shuning uchun bunday ayollarni qo'rqmasdan "O'g'ri" deb atasak bo'ladi menimcha. Bunday molsifat insonlar ham borligi insonni hayratga soladi. Tavba,tavba...